...::: Davlat ramizlari :::...
O`zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi
"O'zbekiston Respublikasining davlat gerbi
to'g'risida"gi Qonun 1992- yil 2- iyulda O'zbekiston Respublikasi Oliy
Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
Gerbning markazida tasvirlangan - qanotlarini keng yozib turgan Humo qushi -
baxt-saodat va erksevarlik ramzidir. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy Humo
qushini barcha tirik mavjudotlar ichida eng saxovatlisi deb ta'riflagan.
Gerbning yuqori qismida respublikamizning sobit va barqarorligining ramzi
sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. U "qutlug’" degan
ma'noni anglatadi. Uning ichida yarim oy va besh qirrali yulduz ifodalangan.
Quyosh tasviri - davlatimizning yo'li hamisha nurli bo'lishi uchun bildirilgan
yaxshi niyat timsoli. Ayni
paytda u respublikamizning noyob iqlim sharoitini ham ko'rsatib turadi.
Boshoqlar - rizq-ro'zimiz bo'lmish g'allaning timsoli, oppoq bo'lib
ochilayotgan paxta chanoqlari tasvirlangan g'o'za shoxlari - serquyosh
yurtimizning dong'ini butun dunyoga taratgan asosiy boyligimiz ramzidir. Bug'doy
boshoqlari va paxta chanoqlarining davlat bayrog'iga o'xshagan lenta bilan
o'rab qo'yilganligi - bu respublikada yashayotgan xalqlar yakdilligining
timsolidir.
Gerb rangli tasvirda bo'lib, Humo qushi kumushrangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanog'i
va "O'zbekiston" degan yozuv tillarangda; g'o'za shoxlari va
barglari, vodiylar yashilrangda; tog'lar havorangda; chanoqdagi paxta,
daryolar, yarim oy va yulduz oqrangda; O'zbekiston Respublikasining davlat
bayrog'i tasvirlangan lenta to'rt xil rangda berilgan.
Gerb suveren davlatimiz ramzi sifatida ijtimoiy-siyosiy hayotda keng
qo'llaniladi. O'zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan tuzilgan bitim va
shartnomalarida, davlatlararo aloqa va diplomatik hujjatlarda O'zbekiston
Respublikasining davlat gerbi tasviri tushirilgan bo'ladi. Shuningdek, gerb
davlat ahamiyatiga boglik ichki hujjatlarda, davlat korxonalari va
muassasalarining muhrlarida, o'zaro aloqa hujijatlarida ham gerb tasviri
bo'ledi. Milliy valutamiz - so'mda ham davlat gerbi o'z
ifodasini topgan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i
"O'zbekiston Respublikasi davlat bayrog'i
to'g'risida"gi Qonun 1991-yil 18- noyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy
Kengashining VIII sessiyasida qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i ramzi mamlakatimiz hududida ilgari
mavjud bo'lgan g'oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo'lgan eng yaxshi
an'analarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni,
xalqimizning milliy va madaniy o'zligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi moviy rang - mangu osmon va musaffo suv ramzidir. Yaxshilikni,
donishmandlikni, shon-shuhratga sadoqatni bildiruvchi moviyrang. Sharqda
azaldan qadrlanadi, o'z vaqtida buyuk Amir Temur ham o'z bayrog'iga bu rangni
tanlagan.
Oq rang - tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat o'z yo'lida
baland dovonlardan oshib o'tishi kerak. Bayrog'imizdagi oq rang yo'lirnizning
musaffo va charog'on bo'lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Qizil yo'llar - bu har bir tirik jonning qon
tomirida urib turgan hayotiy kuch, tiriklik ramzidir.
Yashil rang - serne'mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun
dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda, uning ramzi
ham yashilrangdir.
Yarim oy - O'zbekiston xalqining ko'p asrlik an'analariga muvofiq keladi. Yarim
oy va yulduzlar - musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir.
Bayrog'imizda 12 yulduz tasviri bor, bu o'lkamizda qadimdan buyon barkamollik,
mukammallik timsoli hisoblanadi.
Davlat bayrog'i - bizning o'tmishimiz, bugungi kunimiz va kelajagimiz ramzidir.
O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i Nyu-York shahrida joylashgan
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida dunyodagi suveren davlatlar
bayroqlari qatorida turibdi. O'zbekiston bayrog'i xorijiy mamlakatlarda Prezidentimiz
boshliq davlat delegatsiyasini qabul qilish marosimlarida, chet el davlat
delegatsiyalarini O'zbekistonda qabul qilish marosimlarida ko'tariladi.
O'zbekiston bayrog'i O'zbekiston Prezidenti qarorgohi Oqsaroy binosi,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosi tepasiga ilib qo'yilgan. O'zbekiston
sportchilari jahon sport musobaqalarida g'oliblikni qo'Iga kiritib, shohsupaga
ko'tarilgan paytlarda ham O'zbekiston bayrog'i ko'tariladi. Shu boisdan
mamlakatimizda va jahon uzra O'zbekiston bayrog'ining ko'tarilishi, bir
tomondan, davlatimiz shon-shuhratini ko'tarsa, ikkinchi tomondan, barchamizga
quvonch, faxrlanish, g'urur bag'ishlaydi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi
"O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi to'g'risida" gi Qonun 1992 - yil 10 - dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilindi.
Shoir Abdulla Oripov va bastakor Mutal Burhonov tomonidan tayyorlangan variant tasdiqlandi. Davlat madhiyasi davlat mustaqilligining asosiy timsollaridan biri bo'lib, u O'zbekiston fuqarosida vatanparvarlik tuyg'ularini uyg'otadi.
O'zbekiston
Respublikasining davlat madhiyasi jamoatchilik oldida ijro etilganida
ishtirokchilar uni tik turib, qo'lini ko'ksiga qo'yib kuylaydilar va
tinglaydilar.
Mutal Burxonov musiqasi
Abdulla Oripov so'zi
Serquyosh, hur o'lkam, elga baxt, najod,
Sen o'zing do'stlarga yo'ldosh, mehribon.
Yashnagay to abad ilmu-fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon !
NAQORAT:
Oltin bu vodiylar-jon O'zbekiston
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug' halq qudrati jo'sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag'ri keng o'zbekning o'chmas iymoni,
Erkin yosh avlodlar senga zo'r qanot!
Istiqlol mash'ali,tinchlik posboni,
Xaqsevar,ona yurt, mangu bo'l obod!
NAQORAT:
Oltin bu vodiylar-jon O'zbekiston
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug' halq qudrati jo'sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Hurmatli Foydalanuvchilar hamda Mehmonlar ushbu bo'lim haqida o'z fikringizni (Minnaddorchilik, yoki Arzingizni) "Mehmonlar Kitobi" da qo'ldiring. Sizning har biringizni fikringiz biz uchun juda muhum.
WwW.ZarqaynaR.Co.Cc | Yanada ko'prog'ini kuting